MUAMMONING IZLANISHI VA IFODALANISHI

Siz bu bobda «tadqiqot muammosi» tushunchasi, uning o’ziga xos xususiyatlari, ilmiy tadqiqot muammosini ajratish va ifodalash bosqichlari, uning tavsifnomalari bilan tanishasiz.

«ILMIY TADQIQOT MUAMMOSI» TUSHUNCHASI MAZMUNI

Magistrant tanlagan tadqiqot sohasida muammoning mavjudligi tadqiqot dolzarbligining zaruriy ko’rsatkichi hisoblanadi.

Muammo bu bilish bilan bilmaslik o’rtasidagi o’ziga xos chegaradir. U oldingi bilim yetarli bo’lmagan, yangi bilim esa hozircha rivojlangan shaklga ega bo’lmagan holatda paydo bo’ladi.

Muammo har doim odamlarning qandaydir samarali amaliy yoki nazariy harakatlarga ehtiyojlari haqidagi bilimlari bilan ularni amalga oshirish yo’llari va vositalarini bilmasligi o’rtasidagi ziddiyatdir.

Ilmiy ma’nodagi muammo bu bilishni rivojlantirish jarayonida obyektiv tarzda vujudga keladigan masala yoki yechimi amaliy yoki nazariy manfaat kasb etadigan masalalar majmuidir.

U ayni shu paytgacha erishilgan bilimlar darajasining yetarli emasligini idrok etish, qayd qilish bo’lib, bu yangi faktlar, aloqalar, qonunlarning, mavjud nazariyalardagi mantiqiy xatolarni aniqlash oqibati yoki amaliyotning olingan bilimlar doirasidan chetga chiqishni talab etadigan yangi ehtiyojlarining paydo bo’lishi oqibati hisoblanadi.

Muammoni hal etish yangi bilimni olish yoki u yoki boshqa hodisani izohlovchi, hodisaning xohlagan yo’nalishda rivojlanishiga ta’sir ko’rsatish imkonini beradigan omillarni aniqlash demakdir.

Ilmiy tadqiqot muammosini ifodalash bu, o’z mohiyatiga ko’ra, ilmiy tadqiqot mazmunining kristallashtirilishidir. Shuning uchun muammoning to’g’ri qo’yilishi butun ish muvaffaqiyatining garovidir.

Muammoni to’g’ri qo’yish uchun, tanlangan mavzudagi quyidagi jihatlarni bilish zarur:

  • nimaning ishlab chiqilganligini,
  • nimaning zaif ishlab chiqilganligini,
  • qaysi narsa ustida hyech kim ishlamaganligini, buni faqat mavjud adabiyotlarni o’rganish asosida bajarish mumkin.

MUNDARIJA