4-. YASHIRIN OVOZ BERISH VA HISOB KOMISSIYASINING ISHI

25. Hisob komissiyasi (kamida uch kishi) yashirin ovoz berishdan avval ochiq ovozga qo’yish asosida kengash majlisida qatnashayotgan va hal qiluvchi ovozga ega bo’lgan a’zolarning ko’pchilik ovozi bilan saylanadi.
26. Yashirin ovoz berishda kengashning hal qiluvchi ovozga ega a’zolaridan majlisda hozir bo’lganlarigina qatnashadilar, ularga hisob komissiyasi himoya qiluvchining yakunlovchi so’zidan keyin tayyorlab qo’yilgan byulletenlarni (4.5-shakl) tilxat bilan beradi.
Dissertasiya himoyasiga kechikib kelgan yoki himoya tugamasdan ketib qolgan kengash a’zolari kvorumni aniqlashda hisobga olinmaydi va yashirin ovoz berishda qatnashmaydi.
O’zi a’zo bo’lgan kengashda dissertasiya yoqlayotgan himoya qiluvchi o’z himoyasining yakunlari bo’yicha ovoz berishda ishtirok etmaydi va ushbu majlisdagi kengash a’zolarining ro’yxatida hisobga olinmaydi.
Ovoz beruvchi "Ovoz berish natijalari" ustunidagi o’zi keraksiz deb hisoblagan so’zlarni o’chiradi va byulletenni muhrlangan qutichaga tashlaydi.
27. Ovoz berish tugagach, hisob komissiyasining a’zolari qutichani ochib, byulletenlarni sanaydilar va ovoz berish natijalari yuzasidan bayonnoma (4.6-shakl) tuzadilar.
Tarqatilmagan byulletenlarga yashirin ovoz berish boshlanmasidan oldin tegishli belgi qo’yilib, hisob komissiyasida qoldiriladi va bu haqda bayonnomada qayd qilinadi. Ovoz berishda qatnashgan kengash a’zolarining fikrini aniqlash imkonini bermaydigan byulletenlar yaroqsiz deb topiladi va bu ham komissiya bayonnomasida qayd qilinadi.
Ovoz berish natijalari yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirilgandan keyin hisob komissiyasi barcha byulletenlarni o’rab muhrlaydi va o’z bayonnomasiga ilova qiladi.
28. Kengash yashirin ovoz berishda qatnashgan kengash a’zolarining oddiy ko’pchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish asosida hisob komissiyasining bayonnomasini tasdiqlaydi.
Hisob komissiyasining bayonnomasi tasdiqlanmagan taqdirda dissertasiya muhokamasi davom ettiriladi yoki boshqa kunga qoldiriladi.
Hisob komissiyasi yangi byulletenlar tayyorlaydi va kengash yana yashirin ovoz berishni amalga oshiradi.
Hisob komissiyasining bayonnomasini tasdiqlamaslik masalasi dissertasiyani himoya qilish yoki hisob komissiyasining ishlash tartibi buzilganligi aniqlangan taqdirdagina kengash tomonidan ko’rib chiqilishi mumkin.
 

Bosh sahifaga