6-. ILMIY DARAJALARDAN MAHRUM ETISH MASALALARINI KORIB CHIQISHDA KENGASH MAJLISINI OTKAZISH

36. Kengashga "Ilmiy darajalar berish tartibi to’g’risida Nizom"ga muvofiq shaxsni ilmiy darajadan mahrum etish masalasini qo’yish uchun asos bo’ladigan materiallar tushgan taqdirda kengash o’z a’zolaridan iborat komissiyaga ularning qanchalik asoslanganligini tekshirishni topshiradi. Zarur hollarda, kengash ishlab turgan oliy o’quv yurti yoki ilmiy muassasa ma’muriyati orqali tegishli so’rovlar yuboriladi.
Komissiya tekshirish yakunlari bo’yicha xulosa chiqaradi va kengashda ko’rib chiqish uchun topshiradi.
37. Kengash komissiya tayyorlagan materiallarni bir oy ichida ko’rib chiqishi lozim.
38. Kengash majlisi, odatda, ilmiy darajasidan mahrum etilish masalasi qo’yilgan shaxsning ishtirokida va u majlisdan kamida 10 kun avval ogohlantirilgan holda o’tkaziladi.
Mabodo chaqirilgan shaxs uzrli sabablarsiz majlisga kelishdan bosh torsa yoki uni chaqirishning iloji bo’lmasa, kengash uning ishtirokisiz majlis o’tkazish haqida qaror qabul qiladi. Mazkur shaxs, uzrli sabablarga ko’ra majlisda ishtirok etolmasligini oldindan xabar qiladigan bo’lsa, kengash majlisi boshqa kunga (vaqtga) ko’chiriladi.
39. Kengash raisi majlisni ochish vaqtida kengash a’zolarini majlisning vakolatliligi to’g’risida ("Ilmiy darajalar berish tartibi to’g’risida Nizom"ning 29-bandi) xabardor qiladi hamda ilmiy darajadan mahrum etish haqidagi masala ko’rib chiqilishini e’lon qiladi. Shundan keyin kengashning komissiya tarkibidagi a’zosi ma’ruza qiladi. Ma’ruza tugagach, ilmiy darajasidan mahrum etish masalasi qo’yilgan shaxsga so’z beriladi, shundan so’ng kengash majlisida hozir bo’lganlarning hammasi so’zga chiqish huquqiga egadir.
40. Muhokamadan so’ng kengash ushbu Nizomning 4-§ga binoan belgilangan tartibga muvofiq ilmiy darajadan mahrum etish masalasi yuzasidan yopiq ovoz berish o’tkazadi. Ovoz berish byulleten (4.5-shakl) asosida o’tkaziladi. Kengashning ilmiy darajadan mahrum etish haqidagi qarori majlisda qatnashayotgan hal qiluvchi ovozga ega kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilingan deb hisoblanadi.
Kengash hisob komissiyasining bayonnomasi tasdiqlangandan keyin yashirin ovoz berish natijalariga asoslangan holda majlisda qatnashgan kengash a’zolari oddiy ko’pchiligining ochiq ovoz berishi bilan qaror matnini qabul qiladi, unda ko’rib chiqilgan materiallarning mohiyati va natijalari aniq-ravshan ta’riflangan hamda OAKdan ilmiy darajadan mahrum etishni so’rash uchun yetarli asos bor yoki yo’qligi xususida xulosa bo’lishi lozim.
41. Yashirin ovoz berish natijalari hamda kengash qarorining matni ilmiy darajadan mahrum etilishi haqida masalasi qo’yilgan shaxsga ma’lum qilinadi.
42. Agar kengash shaxsni ilmiy darajadan mahrum etishni OAKdan so’rab qaror qabul qilgan bo’lsa, kengash raisi va ilmiy kotibi imzolagan kengash majlisining stenogrammasi va yashirin ovoz berish natijalari ko’rsatilgan qaror matni uch haftalik muddat ichida OAKga yuboriladi. Ilmiy darajadan mahrum etish masalasini ko’rib chiqish haqidagi topshiriq kengashga OAK tomonidan berilgan hollarda ham mazkur materiallar OAKga yuboriladi.
 

Bosh sahifaga