TADQIQOT MAQSADINING BELGILANISHI VA VAZIFALARINING QOYILISHI. TADQIQOT USLUBLARINING TANLANISHI

Siz bu bobda tadqiqot «maqsadlari» va «vazifalari» tushunchalari, tadqiqot vazifalarini qo’yilish algoritmi, ilmiy tadqiqot uslublari bilan tanishasiz.

«TADQIQOT MAQSADI» TUSHUNCHASINING MAZMUNI

Magistrlik dissertasiyasi mavzui tadqiqot o’zagini tashkil qiluvchi va yangilik, originallikning muhim belgilariga ega masalalar doirasiga chiqib olishni ta’minlaydi.

Tadqiqot maqsadi bu tadqiqotchi o’z ishini yakunlashda erishishni xohlagan pirovard natijadir.

Muammo yechimi magistrant ishining maqsadi sifatida ko’rib chiqiladi.

Maqsad tadqiqotning xarakteri, borishi va vazifalarini belgilovchi o’ziga xos oxirgi sababdir.

Shu asosda ish tuzilishining aniq maqsadga bo’ysundirilishi kerak bo’lgan mantiqiyligi kelib chiqadi.

Tadqiqot maqsadini ifodalashdagi «kelishtirilgan» iboralar va so’z birikmalari:

- «aniqlash...»

- «belgilash...»

- «asoslash...»

- «aniqlashtirish...»

- «ishlab chiqish...»

 

Misollar. Tadqiqot maqsadi O’zbekistonda konsalting xizmatlari bozori faoliyat yuritishi mexanizmini takomillashtirishning tashkiliy- iqtisodiy chora-tadbirlari kompleksini amalga oshirish asosida konsalting xizmatlari bozorini shakllantirish va rivojlantirishga nisbatan nazariy-metodologik yondashuvlarning asoslanishidan iborat.

Tadqiqot maqsadi bozor iqtisodiyoti sharoitida sanoat korxonalarining raqobatbardoshligini ta’minlash uchun ulardagi strategik rejalashtirish samaradorligini oshirish bo’yicha ilmiy- uslubiy va amaliy tavsiyalarning ishlab chiqilishidan iborat.

Tadqiqot maqsadi Osiyoning yangi sanoat mamlakatlaridagi raqobatbardoshlik strategiyalarini iqtisodiy tahlil etish asosida ular rivojlanishining ijobiy tajribasidan O’zbekistonda foydalanishning adaptasion imkoniyatlarini belgilashdan iborat.