Magistratura togrisida nizom

 O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 
2007 yil 29 dekabrdagi
 269-son buyrug’i bilan 
TASDIQLANGAN 

 

Magistratura to’g’risida nizom
 

Ushbu Nizom O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni, O’zbekiston Respublikasining 1997 yil 29 avgustdagi Qonuni bilan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasining Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 10 sentyabrdagi “O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida magistratura faoliyatini yanada takomillashtirish, uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 190-son qaroriga muvofiq magistratura faoliyatini tubdan takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish hamda kadrlar tayyorlash sifati va raqobatbardoshliligini kuchaytirish, halqaro ta’lim standartlari darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni ta’minlash, qonun hujjatlari va davlat ta’lim standartlariga muvofiq oliy ta’lim muassasalarida magistrlar tayyorlash tartibini belgilaydi. 
 
I. Umumiy qoidalar 
1. Magistratura aniq mutaxassislik bo’yicha fundamental va amaliy bilim beradigan, bakalavriat negizida kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’limdir. 
Magistratura ta’lim dasturini tugatgan bitiruvchilarga yakuniy davlat attestasiyasi natijalariga ko’ra ta’lim yo’nalishining aniq mutaxassisligi bo’yicha “magistr” akademik darajasi to’g’risidagi davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom beriladi.
2. Tegishli mutaxassisliklar bo’yicha magistrlarni tayyorlash kadrlar buyurtmachilarining takliflari asosida, davlat akkreditasiyasidan o’tgan oliy ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi. 
 3. Oliy ta’lim muassasasiga yangi mutaxassisliklar bo’yicha magistrlar tayyorlash huquqi belgilangan tartibda oliy ta’lim muassasasining so’rovnomasi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud bo’lgan vazirlik va idoralarning takliflari, Oliy ta’limning Davlat ta’lim standartiga (bundan keyin matnda Davlat ta’lim standarti deb yuritiladi) muvofiq ishlab chiqilgan va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (bundan keyin matnda Davlat test markazi deb yuritiladi) tomonidan ekspertizadan o’tgan o’quv rejalari va dasturlari asosida Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tavsiyasi bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan kvotalar asosida beriladi.
 4. Magistr:
 tanlangan mutaxassislik bo’yicha mustaqil ilmiy-tadqiqot, ilmiy-pedagogik va kasbga doir faoliyatini yuritish;
tayyorgarligiga muvofiq mutaxassislik bo’yicha oliy ta’limdan keyin aspiranturada tahsil olish;
kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish tizimida qo’shimcha kasb ta’limi olish uchun tayyorlanadi.
5. Oliy ta’lim muassasalari barcha bo’linmalarining magistrlar tayyorlash bo’yicha faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish magistratura bo’limi tomonidan kafedralar va dekanatlar bilan birga amalga oshiriladi.
6. Magistrlarning ilmiy faoliyati bilan bog’liq izlanish natijalari Oliy attestasiya komissiyasi tomonidan tan olingan nashrlarda va oliy ta’lim muassasalari nashrlarida chop etilishi mumkin.