Aspirantura togrisida nizom

O’zbekiston Respublikasi
Adliya vazirligida
2007 yil 3 sentyabrda 1707-son
bilan ro’yxatga olingan
Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi,
Sog’liqni saqlash vazirligi,
Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi,
Xalq ta’limi vazirligining
2007 yil 9 avgustdagi
164, 11, 3/10, 19-son qarori bilan
TASDIQLANGAN

 

 

Aspirantura (doktorantura) to’g’risida
NIZOM

 

Ushbu Nizom O’zbekiston Respublikasining "Ta’lim to’g’risida", "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to’g’risida"gi qonunlariga hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 7 avgustdagi "Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida"gi PQ-436-son qaroriga muvofiq oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni aspirantura, ad’yunktura va doktorantura orqali yoki mustaqil ta’lim shaklida tashkil etish hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash tartibini belgilaydi.

 
I. OLIY TA’LIM VA ILMIY-TADQIQOT
MUASSASASIDA ASPIRANTURA
(AD’YUNKTURA) FAOLIYATINI TASHKIL ETISH
 
§-1. Umumiy qoidalar
§-2. Maqsadli aspirantura
§-3. Aspiranturaga ega oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot
muassasalarining huquq va majburiyatlari
§-4. Aspiranturaga yo’llovchi oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot
muassasasi va tashkilotlarning huquq va majburiyatlari
§-5. Aspirantning huquq va majburiyatlari
§-6. Ilmiy rahbarning huquq va majburiyatlari


§-1. Umumiy qoidalar

1. Aspirantura (ad’yunktura) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar hamda zamonaviy ilmiy-tadqiqot bazasiga ega bo’lgan oliy ta’lim muassasasi (bundan keyingi o’rinlarda OTM deb yuritiladi) yoki ilmiy-tadqiqot muassasasida (bundan keyingi o’rinlarda ITM deb yuritiladi) tadqiqotchilarning ilmiy-tadqiqot olib borish usullari va vositalarini o’rganishlari, yuqori saviyada mustaqil ilmiy, pedagogik va tarbiyaviy ish olib borish qobiliyatini egallashlari uchun ochiladi.

2. Tegishli ixtisoslik bo’yicha aspirantura OTM yoki ITMning bo’ysunuviga ko’ra mos ravishda Fanlar akademiyasi (bundan keyingi o’rinlarda FA deb yuritiladi), vazirlik va idoralar qarorlari bilan ochiladi. 

3. Muayyan ixtisoslik(lar) bo’yicha oliy malakali kadrlar (fan doktorlari va nomzodlari) hamda zamonaviy ilmiy-tadqiqot bazasiga ega bo’lgan OTM va ITMlari aspirantura ochishning maqsadga muvofiqligi to’g’risidagi idoraviy bo’ysunuviga muvofiq tegishli vazirlik va idoralarga murojaat etadilar. Murojaat bilan birga OTM yoki ITM Ilmiy kengashining tegishli qarori, aspirantura (ad’yunktura) ochilishi rejalashtirilayotgan ixtisoslik(lar) bo’yicha muassasada faoliyat ko’rsatayotgan fan doktorlari hamda ilmiy rahbarlik huquqiga ega bo’lgan fan nomzodlari to’g’risidagi ma’lumot kadrlar bo’limi tomonidan tasdiqlangan holda mazkur Nizomda keltirilgan ilovaga muvofiq taqdim etiladi. 

4. FA vazirlik va idoralar o’z tasarrufidagi muassasalar aspirantura (ad’yunktura)lari faoliyatini muvofiqlashtiradilar, ularning samaradorligi (aspirantlar tomonidan dissertasiyalarning o’z muddatida himoya qilinishi yoki Ixtisoslashgan kengashga taqdim etilishi) yuzasidan monitoring va nazorat ishlarini olib boradilar hamda ularga ilmiy-uslubiy rahbarlik qiladilar. 

5. Aspirantura (ad’yunktura)ga davlat grantlari bo’yicha yillik qabul rejalari loyihasi davlat akkreditasiyasidan o’tgan ixtisosliklar bo’yicha FA, vazirlik va idoralar tomonidan muassasalardagi ilmiy-pedagogik kadrlarga bo’lgan real ehtiyoj, aspirantura (ad’yunktura) samaradorligi, muayyan ixtisoslik bo’yicha mavjud ilmiy rahbarlar faoliyati samaradorligi hamda har bir ilmiy rahbarga bir vaqtning o’zida biriktirilishi mumkin bo’lgan aspirantlar soni bo’yicha mazkur Nizomda belgilangan normalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqiladi va Moliya vazirligi ajratgan mablag’ doirasida tasdiqlanadi. 

6. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni aspirantura (ad’yunktura) orqali shartnoma asosida tayyorlash OTM va ITMlar tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

7. Aspirantura (ad’yunktura)larga qabul tasdiqlangan rejaga asosan FA, vazirlik va idoralar, OTM va ITMlarning ommaviy axborot vositalarida bergan e’lonlariga muvofiq tanlov asosida yilda bir marta sentyabr-oktyabr oylarida amalga oshiriladi hamda noyabr oyidan rasmiylashtiriladi. Qabul to’g’risidagi tahliliy hisobotlar yilning 15 noyabriga qadar FA, vazirlik va idoralarga taqdim etiladi.

8. Aspirantura (ad’yunktura)ga oliy ma’lumotli mutaxassis diplomiga yoki magistr darajasiga ega bo’lgan, ilmiy izlanish olib borish qobiliyatini namoyon eta olgan shaxslar uch yillik muddatga qabul qilinadilar. 

9. Aspirantura (ad’yunktura)ga kirayotgan shaxslar aspirantura (ad’yunktura) faoliyat ko’rsatayotgan OTM yoki ITMga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
a) ariza;
b) shaxsiy varaqa va tarjimai hol;
v) ish joyidan tavsifnoma (boshqa tashkilotlardan yuboriladigan shaxslar uchun);
g) chop etilgan ilmiy ishlari va ixtirolari ro’yxati hamda ularning nusxalari, ilmiy-tadqiqot ishlari to’g’risidagi hisobotlar ro’yxati (agar mavjud bo’lsa).
Ilmiy ishlari e’lon qilinmagan va ixtirolari bo’lmagan shaxslar tanlagan ixtisosligi bo’yicha 20 betdan kam bo’lmagan ilmiy ma’ruza (referat) taqdim etadilar. Ilmiy ma’ruzaga soha bo’yicha mutaxassis-olim taqrizi ilova qilinishi lozim;
d) aspirantura (ad’yunktura)ga bevosita OTMni tugatgandan keyin hujjat topshirayotgan shaxslar (magistratura talabalari orasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiatlari, imtiyozli diplom egalari, OTM Ilmiy kengashi tavsiyasi mavjud da’vogarlar) uchun OTM Ilmiy kengashi majlisining bayonidan ko’chirma;
ye) oliy ta’limning barcha bosqichlarini o’tganligini tasdiqlovchi diplom nusxasi;
j) nomzodlik imtihonlarini topshirganligi to’g’risidagi guvohnoma (agar topshirgan bo’lsa);
z) mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (ishlayotganlar uchun);
i) tibbiy ma’lumotnoma (086-shakl);
y) 4x6 o’lchamdagi 4 dona fotosurat;
k) pasport va harbiy bilet (agar mavjud bo’lsa) shaxsan ko’rsatiladi.

10. Aspirantura (ad’yunktura)ga qabul qilish uchun OTM rektori yoki ITM direktori raisligida qabul komissiyasi tashkil etiladi. Qabul komissiyasining a’zolari rektor (direktor) tomonidan aspirantura (ad’yunktura) ixtisosliklari bo’yicha yetakchi olimlardan tayinlanadi. Komissiya tarkibiga imtihon topshiriladigan ixtisoslik bo’yicha fan doktori yoki professorlar kiritiladi, komissiyaning qolgan a’zolari fan nomzodlari bo’lishi mumkin.

11. Aspirantura (ad’yunktura)ga kirayotgan shaxslar mo’ljallanayotgan ilmiy rahbar bilan suhbatdan o’tadilar. Mo’ljallanayotgan ilmiy rahbar OTM rektori yoki ITM direktoriga ilmiy rahbarlikka roziligini yozma ravishda ma’lum qiladi. Qabul komissiyasi mo’ljallanayotgan ilmiy rahbarning roziligini hisobga olib, shuningdek, aspirantura (ad’yunktura)ga kiruvchining mutaxassislik bo’yicha referati yoki taqdim etgan ilmiy ishlari, ilmiy-texnik hisobotlari, ixtirolari, tajriba-konstruktorlik ishlari va nashr etilgan maqolalarini tahlil qilib, kirish imtihonlarini topshirishga ruxsat etish to’g’risida qaror qabul qiladi. OTM rektori yoki ITM direktori ushbu qaror asosida aspirantura (ad’yunktura)ga kiruvchini imtihonlarni topshirishga qo’yish to’g’risida buyruq chiqaradi va bir haftalik muddatda unga ma’lum qiladi.

12. Aspirantura (ad’yunktura)ga kirish imtihonlari ro’yxati va dasturi qabul komissiyasi tomonidan tegishli ixtisoslik mohiyatidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilib, FA, vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. 
Aspirantura (ad’yunktura)ga kiruvchilar O’zbekiston tarixi, falsafa, chet tili (ingliz, nemis, fransuz yoki boshqa tillardan biri) va ixtisoslik bo’yicha kirish imtihonlarini topshiradilar. Ixtisoslik bo’yicha kirish imtihoni boshqa fanlar imtihonlaridan oldin topshiriladi. 

13. Aspirantura (ad’yunktura)ga kirish imtihonlarini topshiruvchi shaxslarga imtihonlarga tayyorlanish va topshirish uchun ish joyidan o’rtacha oylik ish haqini saqlangan holda 12 kalendar kungacha qo’shimcha ta’til beriladi. Aspirantura (ad’yunktura)ga kiruvchilar ushbu ta’tildan bir yilda bir marta foydalanadilar. Aspirantura (ad’yunktura)ga kirish imtihonlarini topshirmasdan qabul qilinadigan (xususan, nomzodlik imtihonlarini topshirgan) shaxslar bunday huquqdan foydalanmaydilar.
OTM rektori yoki ITM direktorining kirish imtihonlariga qo’yilganlik haqidagi bildirish xati qo’shimcha ta’til berish uchun asos hisoblanadi. Kirish imtihonlariga kelib-ketish bilan bog’liq yo’l xarajatlari yo’llovchi tashkilot hisobidan qoplanadi. 

14. Nomzodlik imtihonlarini qisman yoki to’liq (mutaxassislikdan tashqari) "yaxshi" yoki "a’lo" baholarga topshirgan shaxslar 5 (besh) yil davomida aspirantura (ad’yunktura)ga kirishda tegishli kirish imtihonlarini topshirishdan ozod etiladilar. 
Nomzodlik imtihonlarini to’liq (mutaxassislikdan tashqari) topshirgan shaxslar mutaxassislik bo’yicha kirish imtihonini "a’lo" yoki "yaxshi" baholarga topshirsalar, aspirantura (ad’yunktura)ga tanlovsiz qabul qilinadilar. 
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 25 martdagi 157-sonli qaroriga muvofiq magistratura talabalari orasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiatlari magistraturani tugatganlaridan so’ng 2 (ikki) yil, Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug’bek va Imom al-Buxoriy davlat stipendiyalari (bundan keyingi o’rinlarda Davlat stipendiyalari deb yuritiladi) sovrindorlari esa 1 (bir) yil davomida aspirantura (ad’yunktura)ga kirish imtihonlarisiz qabul qilinadilar. Agar mutaxassisligi to’g’ri kelmasa, faqat mutaxassislik fanidan kirish imtihonini topshiradilar.

15. Kirish imtihonlari natijalari bo’yicha aspirantura (ad’yunktura)ga qabul qilish davlat buyurtmasi asosida OTM rektori yoki ITM direktorining buyrug’i bilan rasmiylashtiriladi. 
Aspirant (ad’yunkt) uchun o’rnatilgan tartibda fan doktorlari yoki ilmiy rahbarlikka ruxsati bo’lgan fan nomzodlari tarkibidan ilmiy rahbar tayinlanadi. OTM yoki ITMlari Ilmiy kengashining qaroriga ko’ra aspirantga ilmiy rahbarlik qilish uchun tegishli ixtisoslik bo’yicha kamida 5 yillik ilmiy va ilmiy-pedagogik staj, dosent yoki katta ilmiy xodim ilmiy unvoniga ega bo’lgan fan nomzodlari ham tayinlanishi mumkin. Zarur hollarda aspirant (ad’yunkt)ga boshqa tashkilotdan ham ilmiy rahbar tayinlanishi mumkin. O’zaro yaqin ixtisosliklar orasida ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilayotganda ikki nafar ilmiy rahbar yoki ilmiy rahbar va maslahatchi tayinlanishiga ruxsat etiladi, bunda ularning biri fan nomzodi bo’lishi mumkin.

16. Aspirant (ad’yunkt)ga aspirantura (ad’yunktura)ga qabul qilingan kundan boshlab stipendiya tayinlanadi.

17. Moliya vazirligi aspiranturaga qabul bo’yicha tasdiqlangan reja asosida tayyorlangan xarajatlar smetasiga ko’ra FA, vazirlik va idoralarga OTMlari uchun davlat byudjetining maorif, ITMlari uchun davlat byudjetining fan sohasi bo’yicha belgilangan tartibda tegishli mablag’larni ajratadi va ushbu mablag’lar hisobidan aspirantlarga mehnatga haq to’lashning yagona tarif setkasi bo’yicha belgilangan tartibda stipendiya to’lanadi. 
Ad’yunktlarning moddiy ta’minoti harbiy ta’lim uchun o’rnatilgan tartibda amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining aspirantlar uchun Davlat stipendiyalari Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi Hay’ati qaroriga asosan OTM va ITM buyrug’i bilan to’lanadi.

18. Aspirantura (ad’yunktura)da o’qish muddatiga har yili beriladigan 30 kalendar kundan iborat haq to’lanadigan ta’til ham kiradi va bu muddat ilmiy-pedagogik (harbiy) stajga qo’shiladi.

19. Aspirantura (ad’yunktura) muddati tegishli hujjatlar mavjudligida uzoq davom etgan kasallik, homiladorlik va tug’ish ta’tillari hamda zaxiradagi harbiylarning chaqiruv bilan bog’liq ta’tillari davriga uzaytirilishi mumkin.

20. Aspirantlar o’qish davri davomida ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan bog’liq bo’lmagan ishlarga jalb qilinmaydilar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

21. Aspirantura (ad’yunktura)da tahsil olayotgan shaxslar aspirant (ad’yunkt)ning shaxsiy ish rejalarini sababsiz bajarmaslik, OTM yoki ITM ichki tartib-qoidalarini buzganlik sabablari tufayli aspirantura (ad’yunktura)dan chetlashtirilishlari mumkin. Mazkur sabablarga ko’ra aspirantura (ad’yunktura)dan chetlashtirilgan shaxslar aspirantura (ad’yunktura)ga qayta tiklanmaydilar.

22. Aspiranturani muddatidan ilgari dissertasiya himoyasi bilan tamomlagan aspirantlarga OTM va ITMning byudjetdan tashqari mablag’lari hisobidan besh oylik stipendiya miqdorida mukofot to’lanadi. Dissertasiya ishini muddatidan ilgari himoya qilgan aspirant 30 kalendar kundan iborat haq to’lanadigan ta’til berilgandan so’ng aspiranturadan chiqariladi.

23. OTMlarida ilmiy rahbarlarning aspirantlar bilan olib boradigan ishi har bir aspirant uchun 100 soat hajmida ularning umumiy dars soatlari hisobiga kiritiladi. ITMlarida esa ilmiy rahbarga har bir aspirant uchun davlat byudjetining fan sohasi mablag’laridan, aspirant shartnoma bo’yicha tayyorlanayotgan bo’lsa, shartnoma summasidan bir yilda 100 soat hisobidan haq to’lanadi.

24. Dissertasiya ishini muddatidan ilgari yoki muddatida himoya qilgan aspirantning ilmiy rahbari OTM yoki ITM rahbariyati tomonidan byudjetdan tashqari mablag’lar hisobidan uch oylik maosh miqdorida moddiy rag’batlantiriladi.

25. Aspirantning avtoreferatini chop etish va tarqatish bilan bog’liq sarf-xarajatlari OTMlar tomonidan davlat byudjetining maorif, ITMlar tomonidan davlat byudjetining fan sohasi mablag’lari hisobidan qoplanadi.

26. Aspiranturada o’qish muddati aspirantura bitiruvchilarining umumiy, mutaxassisligi bo’yicha va ilmiy-pedagogik stajiga qo’shiladi.