Magistratura talim dasturi bloklari mazmuniga qoyiladigan talablar

Magistratura ta’lim dasturi bloklari mazmuniga qo’yiladigan talablar

18. Magistraturada o’quv jarayoni tegishli ta’lim yo’nalishi (mutaxassisligi) bo’yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan, Davlat test markazi tomonidan belgilangan tartibda ekspertizadan o’tkazilgan hamda Oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ilmiy-metodik birlashmalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashda muhokama qilinib, O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan mutaxassisliklar bo’yicha Davlat ta’lim standartlari va o’quv rejalari asosida tashkil etiladi.
19. Magistraturaning ta’lim dasturlari Davlat ta’lim standartida ko’zda tutilgan quyidagi fanlar bloklarini o’z ichiga oladi:
 a) umummetodologik fanlar;
 b) mutaxassislik fanlari;
 v) ilmiy faoliyat (ilmiy tadqiqot, ilmiy-pedagogik, ilmiy-texnik 
va ilmiy-ijodiy ishlar).
20. Umummetodologik fanlar blokida:
milliy istiqlol g’oyasi va gumanitar, texnik va tabiiy fanlarning falsafiy masalalari bo’yicha bilimlar berilishi;
insoniyatning global muammolari, ma’naviy hayot, shaxs va jamiyat ehtiyojlari, ta’limning insonparvarlik ruhi, zamonaviy sivilizasiya 
va uning taraqqiyot yo’nalishlari, axborot tizimlari va bilimlarni taqdim qilish usullari to’g’risidagi tasavvurlar shakllantirilishi;
ilmiy va ilmiy-texnik axborot bilan ishlash ko’nikma va malakalarini shakllantirishi;
ilmiy ijodiyot metodologiyasi, bilishning umumiy usullari, empirik va nazariy tadqiqot usullari, qonunlar va qoidalar mantig’i, asoslash 
va inkor qilish yo’llariga doir bilimlar, shuningdek, ta’limda pedagogik texnologiyalar, menejment va iqtisodiyot asoslari haqidagi bilimlar berilishi ta’minlanishi zarur.
21. Mutaxassislik fanlari blokida:
muayyan mutaxassislik bo’yicha nazariy va amaliy bilimlar, uquv 
va ko’nikmalar, o’qitiladigan fanlar tarkibi, ularning mazmun-mohiyatiga qo’yiladigan talablarni kadrlar buyurtmachilari bilan kelishgan holda shakllantirilishi;
mutaxassislik bo’yicha bilimlar bazasini yaratish, jamlash, mustahkamlash va ulardan foydalanish ko’nikmalari rivojlantirilishi;
magistratura mutaxassisligi bo’yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, kasb faoliyatining ko’zlangan natijalariga erishishda jarayonlarni modellashtirish va tizimli yondashish borasidagi ilmiy bilimlar, amaliy mahorat va ko’nikmalar ta’minlanishi kerak. 
22. Ilmiy faoliyat blokida ilmiy tadqiqotlar metodologiyasini o’zlashtirish, talabalar tomonidan ixtisoslashgan ilmiy va ta’lim muassasalarida muayyan ilmiy-tadqiqot, ilmiy-pedagogik ishlarni bajarish va magistrlik dissertasiyalarini tayyorlash nazarda tutiladi.
23. Ilmiy-tadqiqot ishlari:
mustaqil tadqiqotchilik faoliyatining amaliy ko’nikmalarini hosil qilish;
axborot texnologiyalarining zamonaviy vositalaridan foydalanib ilmiy-tadqiqotlar o’tkazish, tadqiqotlar natijalarini tahlil qilish va aks ettirish, ilmiy maqolalar tayyorlashga doir bilimlar va ko’nikmalarni shakllantirish;
fan, texnika, ijodiyot va texnologiyalarning eng yangi yutuqlariga asoslangan axborot bazalarini qo’llay bilish, ulardan magistrlik dissertasiyasini bajarishda foydalanish ko’nikmasini singdirishga yo’naltiriladi. 
24. Ilmiy-pedagogik ishlar:
zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalari hamda o’quv-tarbiya ishlarining interaktiv usullaridan foydalangan holda pedagogik mahorat va ko’nikmalarini shakllantirish;
o’quv jarayonini ilmiy-uslubiy jihatdan ta’minlashni tashkil etish malakasi va ko’nikmalarini hosil qilishga yo’naltiriladi.