Magistrlik dissertasiyasi

Magistrlik dissertasiyasi 

43. Magistrlik dissertasiyasi (bundan keyin matnda dissertasiya ishi deb yuritiladi) magistraturada ta’lim olayotgan talabaning yakunlovchi ishi hisoblanadi. Dissertasiya ishi talabaning o’qish davrida egallagan nazariy va amaliy bilimlari asosida bajargan ilmiy tadqiqot ishlarining natijasidir.
44. Dissertasiya ishi mavzulari talabalarga birinchi o’quv yilining ikkinchi semestri (ikkinchi yarmi) boshlangandan keyin ikki hafta davomida taqdim etiladi.
45. Dissertasiya ishi mavzusi ishlab chiqarish, ta’lim, iqtisodiyot, fan-texnika, ijtimoiy sohalardagi ilg’or va dolzarb masalalarga bag’ishlanib, muayyan bir vazifaning ilmiy asoslangan yechimini topishga, tavsiyalar ishlab chiqishga, statistik ma’lumotlar tahliliga qaratilgan bo’lishi shart.
46. Kafedra taqdimnomasiga muvofiq dissertasiya ishi mavzulari va ilmiy rahbarlar oliy o’quv yurti magistratura bo’limi tavsiyasi asosida rektorning buyrug’i bilan tasdiqlanadi.
47. Magistrlik dissertasiyasini tayyorlash jarayonida talaba:
ilmiy (yoki ilmiy-texnik, ilmiy-ijodiy) izlanishlar olib borishi, kasbiy muammolarni ko’ra olishi va ularni yechishning umumiy usullari 
va yo’llarini o’rganishi;
o’quv-tadqiqot davomida olingan axborotlarni matn yoki tasvirlar (chizma, rasm) shaklida mujassamlantira olishi;
tanlangan mavzuning dolzarbligini asoslashi;
soha bo’yicha yechilayotgan ilmiy (ijodiy) - texnik masala holatini tahlil qilishi;
ilmiy-texnik, texnik-iqtisodiy va boshqa talablarni shakllantirishi, qo’yilgan masalani yechish uslublarini ko’rib chiqishi va eng samaraligini aniqlashi;
eng samarali muqobil yechimni ilmiy, konstruktorlik, texnologik 
va texnik-iqtisodiy jihatdan asoslab berishi;
eng samarali muqobil yechimning patentga loyiqligi va patent sofligini tadqiq qilishi;
ilmiy-texnik masala yechimining natijalari bo’yicha xulosalar 
va takliflarni shakllantirishi hamda iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida qo’llash imkoniyatlarini aniqlashi lozim.
48. Dissertasiya ishiga rahbarlik yuqori malakali, fan doktori yoki fan nomzodi ilmiy darajaga ega bo’lgan kafedralarning professor 
va dosentlari, shuningdek, davlat va jamiyatni modernizasiya qilish, bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, rivojlantirish va axborotlashtirish sharoitlarida ish tajribasiga ega bo’lgan O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari ilmiy markazlari olimlari, konstruktorlik byurolari hamda ishlab chiqarishning yuqori malakali amaliyotchi mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.
49. Bir o’quv yilida fan doktorlari, professorlarga 5 tagacha, fan nomzodlari, dosentlar va amaliyotchi mutaxassislarga 3 tagacha magistrlik dissertasiyalariga rahbarlik qilishga ruxsat etiladi. 
50. Dissertasiya ishi talabaning o’qigan tilida (kafedra yoki magistratura bo’limi tavsiyasiga muvofiq xorijiy tillarda ham) yozilishi mumkin. Xorijiy tilda bajarilgan ilmiy ishga davlat tilida annotasiya ilova etiladi hamda dissertasiya himoyasi tarjima bilan o’tkaziladi.
51. Dissertasiya ishining asl nusxasi himoyadan keyin oliy ta’lim muassasasida saqlanadi.