Maqsadli aspirantura

Maqsadli aspirantura

27. Maqsadli aspirantura - oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashning asosiy shakllaridan biri hisoblanib, idora ichida, vazirlik va idoralararo hamda davlatlararo bo’ladi. 
Idora ichida maqsadli aspirantura orqali kadrlar tayyorlash - biror OTM yoki ITM o’z vazirligi yoki idorasi tasarrufidagi boshqa OTM yoki ITM uchun kadrlar tayyorlashidir. 
Idoralararo maqsadli aspirantura orqali kadrlar tayyorlash - biror OTM yoki ITMning boshqa vazirlik yoki idora tasarrufidagi OTM yoki ITM uchun kadrlar tayyorlashidir. 
Davlatlararo maqsadli aspirantura orqali kadrlar tayyorlash - bir mamlakatning OTM yoki ITM boshqa mamlakatning OTM yoki ITMlari uchun kadrlar tayyorlashidir.
Aspirantlarni idora ichida (muassasalar filiallari bundan mustasno) va idoralararo maqsadli tayyorlash uchun ularni yo’llovchi va qabul qiluvchi tashkilot o’rtasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma tuziladi. 
Aspirantlarni davlatlararo maqsadli tayyorlash Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda o’rnatilgan tartibda mamlakatlarga ajratilgan kvotalar doirasida yoki FA, vazirlik va idoralar yo’llanmasi asosida amalga oshiriladi.
Maqsadli aspiranturaga o’rinlar yo’llovchi va qabul qiluvchi tomonlar o’rtasida tuzilgan shartnoma nusxasi tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etilgandan so’ng ajratiladi. 
ITM, OTMlari va tashkilotlar tomonidan yuboriladigan shaxslar maqsadli aspiranturaga yo’llovchi hamda qabul qiluvchi tomonlar o’rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq qabul qilinadilar.

28. Maqsadli aspiranturaga qabul tasdiqlangan reja bo’yicha OTM va ITMlarining ommaviy axborot vositalarida bergan e’lonlariga muvofiq yilda bir marta sentyabr-oktyabr oyida amalga oshiriladi hamda noyabr oyidan rasmiylashtiriladi. Qabul to’g’risidagi hisobotlar yilning 15 noyabriga qadar FA, vazirlik va idoralarga taqdim etilishi lozim.

29. Maqsadli aspiranturaga yuboriladigan nomzodlarni yo’llovchi tashkilot tanlaydi.
Kirish imtihonlari qabul qiluvchi OTM yoki ITMda topshiriladi.
Maqsadli aspiranturaga mo’ljallangan davlat byudjeti mablag’lari FA, vazirlik va idoralar orqali maqsadli aspiranturaga qabul qiladigan OTM va ITMlarga ajratiladi.

30. Maqsadli aspiranturaga qabul qilingan shaxslarga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda stipendiya to’lanadi hamda mazkur Nizomning 18-bandiga muvofiq ta’til beriladi.