2010 yil

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori Mamlakatimizda sog’lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning o’z ijodiy va intellektual salohiyatini ro’yobga chiqarishi, mamlakatimiz yigit-qizlarini XXI asr talablariga to’liq javob beradigan har tomonlama rivojlangan shaxslar etib voyaga yetkazish uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish bo’yicha keng ko’lamli aniq yo’naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida, shuningdek, O’zbekiston Respublikasida 2010 yilning “Barkamol avlod yili” deb e’lon qilingani munosabati bilan:

1. “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi tasdiqlansin. Unda quyidagilar asosiy vazifalar etib belgilansin:

• bolalar va yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga, ularni barkamol rivojlantirishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, amaldagi qonunchilik hamda me’yoriy hujjatlarga zamon talablariga mos o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish;

• “Sog’lom ona – sog’lom bola” dasturini izchil amalga oshirish asosida sog’lom avlodni voyaga yetkazish borasidagi chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish, onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, profilaktikaga asoslangan sog’liqni saqlash tizimini ustuvor rivojlantirish, tibbiy xizmat moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sog’lom bolalar tug’ilishi va ularni tarbiyalash bilan bog’liq masalalar yuzasidan aholi o’rtasida tushuntirish hamda maslahat ishlarini kuchaytirish;

• tayyorlanayotgan mutaxassislarga real iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi mavjud talabga alohida e’tibor qaratgan holda, o’sib kelayotgan yosh avlodga ta’lim va tarbiya berish sohasidagi moddiy-texnika bazani yanada mustahkamlash, undan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, davlat ta’lim standartlari, o’quv dasturlari va o’quv-uslubiy adabiyotlarni takomillashtirish;

• ta’lim jarayoniga yangi axborot-kommunikasiya va pedagogik texnologiyalarni, elektron darsliklar, multimedia vositalarini keng joriy etish orqali mamlakatimiz maktablarida, kasb-hunar kollejlari, liseylari va oliy o’quv yurtlarida o’qitish sifatini tubdan yaxshilash, ta’lim muassasalarining o’quv-laboratoriya bazasini zamonaviy turdagi o’quv va laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi bilan mustahkamlash, shuningdek, o’qituvchilar va murabbiylar mehnatini moddiy hamda ma’naviy rag’batlantirish bo’yicha samarali tizimni yanada rivojlantirish;

• zamonaviy axborot va kommunikasiya texnologiyalari, raqamli va keng formatli telekommunikasiya aloqa vositalari hamda Internet tizimini yanada rivojlantirish, ularni har bir oila hayotiga joriy etish va keng o’zlashtirish;

• yosh avlodni jismonan barkamol etib tarbiyalash, bolalar sportini rivojlantirish sohasida, yoshlarni, ayniqsa, qishloq qizlarini sport bilan muntazam shug’ullanishga keng jalb etish, yangi sport majmualarini, stadionlar va inshootlarni qurish, ularni zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlash, yuqori malakali ustoz va murabbiylar bilan mustahkamlash bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlarni izchil kuchaytirish;

• iqtisodiyotni tarkibiy o’zgartirishning muhim yo’nalishi, aholi va o’rta sinf mulkdorlari daromadlarini shakllantirish asosi bo’lgan kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada rag’batlantirish, bu sohadagi mavjud muammolarni hal etish, yoshlar, avvalambor, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini, ayniqsa, qishloq joylarda tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish uchun sharoit yaratish;

• ilm-fanni yanada rivojlantirish, iqtidorli va qobiliyatli yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ularning o’z ijodiy va intellektual salohiyatini ro’yobga chiqarishi uchun sharoit yaratishga doir kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

• yosh oilalarga g’amxo’rlik qilish ishlarini kuchaytirish, ularni huquqiy va ijtimoiy muhofaza qilishni ta’minlash, jismonan va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash borasida jamiyatning muhim bo’g’ini bo’lgan sog’lom va mustahkam oilani shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;

• yoshlar o’rtasida sog’lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo’lgan diniy va ekstremistik ta’sirlardan, tuban “ommaviy madaniyat” xurujlaridan himoya qilishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.