Dissertasiya avtoreferati yuborilishi shart bolgan tashkilotlar royxatiga ZiyoNET axborot tarmogi portali kiritilishi haqida.

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI 
VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI 
OLIY ATTESTASIYa KOMISSIYaSI
 
BUYRUQ 36
2010 yil 20 aprel Toshkent sh.


 
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim,
 sog’liqni saqlash, ijtimoiy muhofaza masalalari axborot-tahlil 
departamenti majlisi bayoni (15.04.2010y., 07/1-265) 
topshirig’ining ijrosi haqida 


 
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog’liqni saqlash, ijtimoiy muhofaza masalalari axborot-tahlil departamenti majlisi bayoni (15.04.2010y., 07/1-265) topshirig’i ijrosini ta’minlash maqsadida 
 
BUYURAMAN

 
§1
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog’liqni saqlash, ijtimoiy muhofaza masalalari axborot-tahlil departamenti majlisi bayoni (15.04.2010y., 07/1-265) topshirig’i ijro uchun qabul qilinsin.
 
§2
Dissertasiya avtoreferati yuborilishi shart bo’lgan tashkilotlar ro’yxatiga «ZiyoNET» axborot tarmog’i portali kiritilsin hamda doktorlik va nomzodlik dissertasiya ishlari avtoreferatlarining (keyingi o’rinlarda - avtoreferatlar) elektron nusxalari ixtisoslashgan kengashlar tomonidan «ZiyoNET» axborot tarmog’i portaliga belgilangan tartibda joylashtirilib borilsin.
 
§3
Ixtisoslashgan kengashlar rahbariyati:
avtoreferatlarning tayyorlangan elektron nusxalarini shaxsan tahririy va texnik ko’rikdan o’tkazsinlar;
2010 yilning 1 mayidan boshlab avtoreferatlarning elektron nusxalarini «ZiyoNET» axborot tarmog’i portaliga va o’z (tashkilot, muassasa) veb-saytiga dissertasiya himoyasidan bir oy oldin mavjud talablar asosida joylashtirishnligi ta’minlasinlar;
dissertasiya ishi himoyasi boshlanishida ixtisoslashgan kengash a’zolariga avtoreferatning elektron nusxasi tegishli manzillarga joylashtirilgani to’g’risida axborot bersinlar va ushbu masalani majlis stenogrammasida aks ettirsinlar;
dissertasiya ishi himoyasidan keyin OAKga yuboriladigan attestasiya ishining yo’llanma xatida himoyasi o’tkazilgan ushbu dissertasiya ishi avtoreferatining elektron nusxasi «ZiyoNET» axborot tarmog’i portaliga joylashtirilganligi to’g’risida ma’lumot bersinlar;
kengash faoliyati bo’yicha OAKga taqdim etiladigan yillik hisobotga ushbu masalaning tahlilini kiritsinlar.
 
§4
OAK Me’yoriy-axborot bo’limi ilmiy darajalarga talabgorlarning attestasiya ishlarida avtoreferatlarning elektron nusxalari «ZiyoNET» axborot tarmog’i portaliga va ixtisoslashgan kengashlarning (tashkilot, muassasa) veb-saytiga joylashtirilganligi to’g’risida ma’lumot bo’lmagan taqdirda, attestasiya ishlarini qabul qilmasin.
 
§5
OAK ekspert kengashlari yil yakunlari bo’yicha ixtisoslashgan kengashlarning faoliyati bo’yicha OAKga taqdim etiladigan hisobotlarni tahlil va muhokama qilishda avtoreferatlarning elektron nusxalarini «ZiyoNET» axborot tarmog’i portaliga va ixtisoslashgan kengashlarning (tashkilot, muassasa) veb-saytiga joylashtirilishi bo’yicha ma’lumotlarni ko’rib chiqsinlar va tegishli takliflar berib borsinlar.
§6
OAK Ilmiy ekspertiza bo’limi ilmiy darajalarda tasdiqlanmagan talabgorlarning dissertasiya ishlari avtoreferatlarining elektron nusxalarini portaldan chiqarib tashlash uchun tegishli ma’lumotlarni «ZiyoNET» resurs markaziga taqdim etib borsin.
 
§7
Avtoreferatlarning elektron nusxalarini «ZiyoNET» axborot tarmog’i portaliga va ixtisoslashgan kengashlarning (tashkilot, muassasa) veb-saytiga joylashtirilishi bo’yicha tahliliy ma’lumotlar OAK Prezidiumining majlisida ko’rib chiqish uchun kiritib borilsin.
 
§8
Ushbu buyruqning bajarilishini nazorat qilishni o’z zimmamda qoldiraman.
   
 


  Rais v.b. K.S.Sultonov

www.vak.uz